APL 2019/20-yilgi mavsumi yakunlandi: «Chelsi» va «Manchester Yunayted» YeChLda, «Tottenhem» Yevropa Ligasida o‘ynaydi
27.07.2020, 00:13
Futbol bo‘yicha Angliya Premer Ligasining 2019/20-yilgi mavsumi o‘z nihoyasiga yetdi.
[Изображение удалено]
So‘nggi tur o‘yinlarida bir qator ochiq turgan masalalar hal bo‘ldi.
«Manchester Yunayted» safarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri raqobatchisi «Lester»ni taslim etdi (2:0) va musobaqani 66 ochko bilan 3-o‘rinda yakunladi. Parallel o‘yinda «Chelsi» «Vulverhempton»ni yengib (2:0), ochkolarini 66 taga yetkazdi va 4-o‘rinni band etdi.
Shu tariqa Ole-Gunnar Sulsher va Frenk Lempard jamoalari Chempionlar Ligasining guruh bosqichiga yo‘llanma oldi. Avvalroq «Liverpul» va «Manchester Siti» ushbu masalani hal qilib qo‘ygandi.
«Lester» esa 62 ochko bilan 5-o‘ringa tushib ketdi. «Ko‘klar»ga mag‘lub bo‘lgan «Vulverhempton» (59 ochko) esa 7-pog‘onada qolib ketdi. «Kristal Pelas» bilan durang o‘ynagan (1:1) «Tottenhem» (59) to‘plar nisbati bo‘yicha «bo‘rilar»dan yaxshiroq natija qayd etib, 6-o‘ringa ko‘tarildi.
«Lester» va «Tottenhem» Yevropa Ligasi yo‘llanmasiga ega chiqdi. Agar Angliya Kubogi finalida «Arsenal» «Chelsi»ga yutqazib qo‘yadigan bo‘lsa, 7-o‘rindagi «Vulverhempton» Yevropa Ligasining 3-yo‘llanmasiga ega bo‘ladi.
Shuningdek, musobaqaning so‘nggi turida Chempionshipga ravona bo‘ladigan jamoalar nomi ham ma’lum bo‘ldi.
«Uotford» safarda «Arsenal»ga imkoniyatni boy berdi (2:3) va 34 ochko bilan 19-o‘rinda qolib ketdi. «Bornmut» «Everton»dan ustun kelib ochkolarini 34 taga yetkazdi. Biroq «Aston Villa» Londonda «Vest Hem» bilan durang o‘ynadi va ochkolarini 35 taga yetkazib raqobatchilaridan o‘zib ketdi.
Shu tariqa «Norvich» ortidan «Bornmut» va «Uotford» ham APLni tark etadigan bo‘ldi.
Musobaqa jadvalining yakuniy ko‘rinishi bilan tanishing:
[Изображение удалено]
Manba: www.daryo.uz