Assalomu alaykum, Mehmon!
Yangiliklar tasmasi

Dilemma: De Xea yoki Henderson?

29.07.2020, 06:13

«Manchester Yunayted»ni bir paytlar David De Xeasiz tasavvur qilib bo‘lmasdi, hozir esa, uni sotib yuborish tarafdorlari ham bor.

Birinchi sabab, so‘nggi ikki yildagi ishonchsiz o‘yinlar – menimcha, 2018 yilgi jahon chempionatidagi ishonchsiz o‘yinlar (ayniqsa, Ronalduning het-trigini eslang) darvozabonga psixologik zarba bo‘lgandek.

Ikkinchisi, «Manchester»da yana bir kuchli darvozabon paydo bo‘ldi – Henderson. «Sheffild» safida ajoyib mavsum o‘tkazgan «MYu» tarbiyalanuvchisi eshik qoqmoqda va jamoaning asosiy darvozaboni bo‘lish orzusini yashirmayapti.

Sulsher uchun nozik vaziyat. Agar uch yil oldingidek, «Real» xaridor bo‘layotgan, David ham Madridga ketmoqchi bo‘layotgan palla bo‘lganida, hammasi oson bo‘lardi. Ammo hozir «Real» varianti yo‘q, De Xea ham Manchesterda qolmoqchi – dunyoning eng ko‘p maosh oladigan darvozaboni, har holda.

Nazarimda, hammasi De Xeaga bog‘liq. Katta ehtimol bilan u qoladi, lekin bu yilgidan ham katta bosimda o‘ynashga majbur. U robot emas, albatta, matbuotni, ijtimoiy tarmoqlarni kuzatadi, «nega endi Henderson bo‘laturib, so‘nggi ikki yilda eng ko‘p qo‘pol xato qilgan darvozabonga ishonaveramiz?», degan fikrlarni o‘qishga majbur.

Faqat muxlislarmas. Masalan, jamoa afsonasi Roy Kin shunday dedi: «Agar «MYu» chempionlikni istasa, darvozabonni almashtirish kerak».

Oson bo‘lmaydi, ammo De Xea bu bosimni yengishga majbur.

Ikkinchi variant – Hendersoni qaytarib, raqobat muhitini yaratish. Bu aqlli qaror ko‘rinsa-da, juda xavfli, zero darvozabonlar uchun ishonchning ahamiyati katta.

Umuman, futbolchilar o‘rtasida raqobat bo‘lishi yaxshi, ammo aynan darvozabonlar masalasida hammasi sal boshqacha ishlaydi. Kecha «Futbol TV»dagi dasturda Xayrulla Hamidov ham to‘g‘ri ta’kidladi – darvoza chizig‘ida «birinchi va «ikkinchi» aniq bo‘ladi, aks holda, bosim ostida darvozabonlar o‘z o‘yinlarini ko‘rsata olmasliklari mumkin.

Aytaylik, maydondagi futbolchilarda bosim hammaga taqsimlanib ketadi. Keyin har bir futbolchining o‘z kamchiligi, ustunligi bor – kimdir yaxshi dribling qiladi, kimdir tezkor, kimdir to‘p uchun kurashda yaxshi: murabbiy vaziyatga, raqibga, vazifalarga qarab, tarkibni aniqlashi, o‘zgartirib turishi mumkin. Ya’ni, maydondagi 10 o‘rin uchun 15 ta asosiy tarkib futbolchisi bo‘lishi tabiiy, lekin darvoza chizig‘idagi bir o‘ringa ikki asosiy darvozabon bo‘lmaydi. Sababi, har qanday darvozabonga doim va ayni vazifalar – darvozani qo‘riqlash, o‘z vaqtida to‘pga chiqish, himoyani boshqarish topshiriladi. Albatta, Gvardiolaning ba’zida darvozabonlardan so‘nggi himoyachi sifatida foydalanishi yoki Lui van Gaalning penaltilar seriyasi uchun boshqa darvozabon tushirishi kabi holatlar mustasno.

Bu haqida «Rostov»ning darvozabonlar murabbiyi Vitaliy Kafanov juda chiroyli fikr aytdi: «Tasavvur qiling, Henderson keladi va De Xeaning o‘rnini egallaydi. De Xea zaxirada. Aytaylik, ilk o‘yinlarning birini muvaffaqiyatsiz o‘tkazsa, yomon bo‘ladi. Hozir ikki yaxshi darvozabonga ega bo‘lgan «MYu» ikkita «ikkinchi darvozabon»ga ega bo‘lib qoladi».

Shu yerda o‘zimizdagi bir holat esga keldi. Bir necha yil oldin O‘tkir Yusupov «Qo‘qon 1912» darvozasini qo‘riqlab yurganda, mavsumni juda yaxshi o‘tkazdi. Yaxshi reaksiyaga ega, chiziqda ham, oldinga chiqishdayam zo‘r, penaltilarni qaytaradi, oyoqda yaxshi o‘ynaydi. Bir qaraganda, umuman kamchiligi yo‘q bo‘lgan darvozabon. Tabiiyki, nega milliy jamoada u emas, Eldor Suyunov tanlanadi degan fikrlarni ko‘p eshitardim va bu juda asosli ko‘rinardi.

Nihoyat, Qatarga qarshi o‘rtoqlik o‘yinida Yusupov darvozadan joy egalladi. Uchrashuvda milliy jamoamiz darvozasi ishg‘ol qilinmagan bo‘lsa-da, darvozabon bir necha bor kulgili xatolarga yo‘l qo‘ydi, Superligada uning o‘yinlarini kuzatmagan muxlislar uchun tushunmovchilik bo‘ldi. Yusupov go‘yoki, o‘zi uchun yuqori bo‘lgan darajada, o‘zi ham bilmagan holda kelib qolgan mehmonga o‘xshardi, undagi ishonch qayergadir g‘oyib bo‘lgandi. Adashmasam, shundan so‘ng, Yusupov milliy jamoa o‘yinlarida qaytib maydonga tushirilmadi.

Eslasak, De Xeaning o‘zi ham bir paytlar Hendersonga o‘xshash pozitsiyada bo‘lgan. Ispaniya milliy jamoasida darvozani uzoq yillardan beri Kasilyas qo‘riqlar, muxlislar yuqori saviyada Angliyada o‘ynayotgan De Xeani ham «Real», ham Ispaniyada Kasilyas o‘rnida ko‘rishni istashardi. Bu sodir bo‘ldi, De Xea avval, Yevro-2016da o‘rtacha o‘yin ko‘rsatgan bo‘lsa, JCh-2018da butunlay tanazzulga uchradi. Endi u Ispaniyada Manchesterdagi ishonchni his qila olmaydi.

Bu juda muhim. Hozir ketma-ket xatolarga yo‘l qo‘yayotgan De Xeaning qaysidir ma’noda, «parashyuti» bor, yerga qattiq tushmaydi – muxlislaring uchun bir necha yil eng yuqori saviyada o‘ynaganini, jamoani bir necha bor qutqarganini eslashadi. De Xeaga imkon berish kerakligini aytadiganlar ham aynan o‘sha eski o‘yinlar uchun.

Hendersonda esa, unday imkoniyat bo‘lmasligini e’tiborga olish kerak. U agar Manchesterda birinchi raqamga aylansa, zaxirada so‘nggi ikki yilda juda ko‘p xato qilgan De Xea emas, sakkiz yillik superdarvozabon De Xea o‘tirgan bo‘ladi. Tabiiyki, bosim katta bo‘lishi, «bu zarbani De Xea qaytargan bo‘lardi», degan fikrlarni ko‘p eshitishi turgan gap.

Xullas, Hendersonning qaytishi hozircha, faqat De Xea jamoani tark etsagina mumkin. Ispaniyalikning imkoniyatlarini biz ham, Sulsher ham yaxshi bilamiz – agar avvalgi formasiga qaytsa, o‘nta Henderson ham «choy damlaydi».

Qahramon Aslanov

Manba:
www.tribuna.uz

[Изображение удалено]

Oxirgi fikrlar

  [off]
29.07

akalar de gea bilmadimu hali 5-6 yil normda oyney oladi yana bilmadim

  [off]
29.07

2-3yil oldin Xamma Dexeani maqtardi ogzidan bol tomib statuslariga xam Dexeani rasmini qoyardi. Endichi baribir qoyadi Dexea qoladi.

  [off]
29.07

Henderson Myudek kotta klubda oynab ketolmasligi mumkin, Sulsher keyin darvozabon masalasida DeXea ga ishonadi. Angliya termasiga Pikford Xart chaqirildi Henderson nega chaqirilmadi. Chunki u xali kotta bosimlarga dosh berolmasligi mumkin. Kepa yaqqol misol. Laliga bn Apl farqi, sheffild bn Myu farqi. Sheffilda bosim yoq edi chempionshipdan chiqqan jamoa 15 orinni olsaxam Hendersonga bosim bolmaydi Agar myuda bitta xato qilsin. Roy Kinni bitta qichitma gapini eshitsin Dovdirab qoladi.
DE XEA N1

  [off]
29.07

oziga iwonchi qoytsa de gea nafaqat myuda butun yevropadagi eh kuchligi boladi 1000%

  [off]
29.07

Shahsan menga De Xea oyini yoqadi va ishonaman u qaytadi reyaksasiga gap yo lekin
Umumiy: 5

© 2023 Uzbek Reds
Контакты