Assalomu alaykum, Mehmon!
Yangiliklar tasmasi

Erik Kantonaning «hunarlari». Kung-fu «ustasi», rassom, prodyuser va oxir oqibat futbolchi

29.08.2019, 15:12

Jahon futboli yulduzi Erik Kantona – 90 yillarda APL butun dunyoda shon-shuhrat qozonishiga sababchi bo‘lgan futbol afsonalaridan biri.

Barcha futbol muxlislari Kantona qanday futbol o‘ynaganini (mushtlashganini) yaxshi eslashadi. Uning kinodagi rollari haqida ko‘pchilik muxlislarning xam xabari bo‘lsa kerak. Biroq, har kim ham uning san’atga bo‘lgan muhabbatini bilmasa kerak.

Kantona yoshligidan rassomlik san’ati va musiqaga ko‘ngil qo‘ygan edi.

60-70 yillarda Erik futbol maydoni va otasining rassomchilik ustaxonasi o‘rtasida o‘sgan edi. U 8 yoshga yetganida, otasi unga rasm chizishni o‘rgata boshladi. Bolakay maktab va futbol mashg‘ulotidan ustaxonaga to‘g‘ri yugurib kelar va kechgacha shu yerda qolib ketardi: rasm chizishga harakat qilar va otasining Vinsent van Gog, Per Ambrodjiani va Nikola de Stal haqidagi hikoyalarini tinglardi.

Kantonaning ota-onasi oddiy ishchilar edi – otasi medbrat bo‘lib ter to‘kardi, onasi esa ayollar ko‘ylagini tikardi, biroq ular san’at bilan tanishish bola uchun foydali deb bilishardi. Shu sababdan, dam olish kunlarida ular oilasi bilan san’at galereyasiga tashrif buyurishar edi, biroq Erikning akalari – Jan-Mari va Joelga bu uncha qiziq emasdi.

Ammo Erik san’atga sho‘ng‘ib ketdi. Marsel tasviriy san’ati namoyondalari uning eng sevimli rassomlariga aylandi: Sharl Kamuan, Ogyust Shabo, Per Ambrodjiani. Kantona ularning rasmlarida Marselni ko‘rar edi. Shunda uning tasvriy san’atda o‘z didi shakllandi: «Meni o‘ylantira oladigan san’at asarlarini yoqtiraman. Men nima qilishim haqida aytishim shart emas. Men hamma narsa haqida o‘z fikrim bo‘lishini istayman. Agar menga «Qara, bu pianino qora» desangiz, men uchun suhbat shu yerda yakun topadi».

Yoshligidagi uni daxshatga solgan eng katta voqealardan biri sifatida Kantona o‘zining sevimli rassomi Ambordjianining o‘limini eslaydi. Erik tez-tez uning rasmlariga o‘xshatib ijod qilishga harakat qilardi va qachondir Per bilan tanishish istagida edi. O‘zining 15 yoshga to‘lgan kuni otasidan Ambrodjianining Village du pays de Sault asarining qayta ishlanganini so‘radi, chunki bu asar unga yoshligi kechgan joylarni yodga solar edi. Kantona mazkur rasmni o‘zi bilan har qanday klubda olib yurardi. Rassomning o‘limi u uchun haqiqiy fojeaga aylandi: «Mening ilhomimning bir qismi yo‘qoldi. Ambordjiani o‘zi bilan Marsel ko‘chalari bo‘ylab sayohatlarimni va san’at galereyalariga tashriflarimni ham olib ketdi. Yoshlik daftarimning oyog‘i osmonda bo‘lib qoldi».

O‘zining boshqacha tarbiyasi bilan Erik yoshligidan ajralib turardi. U yolg‘iz qolishni juda xush ko‘rardi va har qanday onda jamoa bo‘lib kechki ovqat vaqtida kinoga borish, musiqa eshitish (u paytlar Motsart va «The Doors»ni ma’qul ko‘rardi) yoki yolg‘iz qolish uchun turib ketishi ham mumkin edi. «Oser» yoshlar jamoasi murabbiyi Jan Galtier uni shunday yodga oladi: «U yolg‘iz qolishi kerak. U hech qachon sababini aytmasdi, biz ham so‘ramas edik».

Kantonaning rang-tasvirga bo‘lgan muhabbati uning karerasini parchalashi ham mumkin edi. 1988 yilda Erik «Oser»dan ketishga qaror qildi. Uning oldida ikki tanlov kutardi: yoshligidan muxlislik qilgan «Marsel» yoki «Matre» (endigina boyvachcha biznesmen sotib olgan, ikkinchi diviziyaning o‘rtamiyona klubi). Kantona yoshligidagi orzusi tomon talpindi, biroq hurmat yuzasidan «Matre»ning prezidenti Jan-Lyuk Lyagarder bilan kechki ovqat ustida ko‘rishishga rozi bo‘ldi. Lyagarderning uyiga tashrif buyurib, uning mehmonxonasiga kirgach, Erik xayratdan tosh qotdi: devorda Joan Miro – Kantonning eng sevimli rassomining san’at asarlari ilinib turar edi.

Ular Lyagarder bilan uzoq suhbat qurishdi, xayrlashuv chog‘ida esa prezident futbolchiga Pikasso va Miro haqida ikki kitob hadya qildi. Kechki ovqatdan so‘ng, Kantona tunni o‘y-hayollar bilan o‘tkazdi va «Matre»ga rad javobini berdi.

Kantona futbolda o‘zini yolg‘iz his etardi, uni faqatgina san’at qutqardi: u rasm chizardi, Mikki Rurk bilan kechki ovqat qilardi va spektakllarga prodyusserlik qilish bilan shug‘ullanardi.

Sevimli jamoasi «Marsel» uchun o‘ynash Erikni o‘zi xohlaganchalik baxtli insonga aylantira olmadi. Yoshligi beg‘ubor, samimiy oilaviy davrasida o‘tganligiga qaramay, Erikning fe’l-atvorida qattiqqo‘llik paydo bo‘ldi. Kantonaning ichida ikkita inson yashardi: birinchisi har narsani o‘z holicha his etuvchi va ta’sirchan rassom; ikkinchisi esa har qanday harakat uchun musht tushurib qoladigan qallob. Birinchisi o‘ziga nisbatan agressiya yoki nohaqlikni his qilishi bilanoq, ikkinchisiga aylanadi.

Futboldagi har qanday narsa uni jig‘ibiyron qilardi. Ilk muammolar «Oser»dayoq kelib chiqqan edi. 1986 yilda 20 yoshli futbolchi mehmonxonada o‘tirar edi, birdaniga sochini qirdirib yubormoqchi bo‘ldi. U «boshi yomg‘irning tozaligini va shamolning kuchini xis etishini» istardi. Matbuot uning yangi «soch turmagi»ni ma’qullamadi: bir nechta gazetalar uni aqldan ozgan deb yozishgandi. Bu Erikni «yaraladi»: «Bu hatti-harakatlar futbolda muhimroq hech narsa yo‘qligini yana bir marotaba isbotlaydi. Odamlar futbolda sog‘lom, turli xil soch turmakli va har bir so‘zini tarozida o‘lchaydigan yigitchalarni ko‘rishga o‘rganib qolishgan. Futbolchiga aqldan ozish mumkin emas» deb fikr bildiradi Kantona.

1988 yilning kuzida Moskvaning «Torpedo»siga qarshi bahsda zaxiraga olinishiga qarshilik bildirib, futbolkasini yechib otganidan so‘ng, hujumchi e’tibordan qoldi. O‘zining suyukli jamoasi uchun harakatlari klub egasi Bernard Tapi bilan tortishuvdan so‘ng payoniga yetdi. U Erikni yana bir xatosi uchun tushuntirish ishlari olib borishga xonasiga chaqirtirgan edi, mazkur kelishmovchilik esa direktorning yuziga tarsaki tushishi bilan tugashi bilan yakunlandi. Tapi Kantonani jinnixonaga yotqizish bilan qo‘rqitishga harakat qildi, biroq javob tariqasida «Bordo» va «Monpele»ga «surgun» bilan chegaralandi, xolos.

1988 yilda 22 yoshli futbolchi Fransiya terma jamoasi murabbiyi Anri Mishelni bir qop tezak deb atadi. Shundan so‘ng, u omma oldida kechirim so‘radi, ammo bu unga yordam bermadi – Federatsiya uni bir yilga chetlashtirdi. Fransiya undan nafratlandi, javoban Kantona ham o‘zini yanada agressivroq tuta boshladi.

San’at Kantonaning yagona chirog‘i bo‘la oldi. Bo‘sh vaqti oz bo‘lsada, kino va rasm galereyalariga borar edi. Kunlarning birida Kantona endigina tanilayotgan golivvud yulduzi Mikki Rurk bilan tanishdi, u bilan kechki ovqatdan so‘ng uning mustaqil va keskin fikrlashidan xayratlandi: «Gap uning rollarida emas. Meni Mikkidagi erkinlik hissi lol qoldiradi. Futbolda aynan shunday omillar muhim hisoblanadi».

Erik o‘z uyida shaxsiy ustaxona qurdi va soatlab u eyrda qulflanib olib sur’atlar chiza boshladi. Sokinlik va maroqli mehnat tinchlantiruvchi ta’sir vazifasini bajardi – u o‘zini dunyo tashvishlaridan chetlashib, butun dunyoga nisbatan nafratini so‘ndirardi: «Tasviriy san’at bilan shug‘ullanar ekanman, men bu dunyodan chetlashardim. Dunyo men uchun to‘xtab qolar va chizayotgan sur’at hajmiga tenglashib qolar edi. Bundan so‘ng xuddi qanotlarim borday uchib yurardim».

80 yillarning so‘ngida Kantona teatrga qiziqa boshladi, hattoki o‘zining marsellik do‘sti va endigina mashhurlikka erishayotgan aktyor Patrik Bosso rol o‘ynagan bir spektaklga homiylik qilgan.

Tez orada omma Kantonaning bu qiziqishidan xabardor bo‘ldi. 80 yillarning oxirida Fransiyada mashhur bo‘lgan satirik qo‘g‘irchoq teleshou bo‘lib, unda yulduzlar hangoma qilinar edi. 1989 yilda ko‘rsatuvda har doim har narsadan ranjiydigan Pikasso ismli yangi qo‘g‘irchoq paydo bo‘ldi. Aslida esa u Kantonani aks ettirardi.

Erikning og‘ir davrlari boshqa jamoalarda ham davom etdi. 1991 yilda «Nim» tarkibida to‘p surar ekan, qizil kartochka uchun norozilik bildirib, hakamga to‘p otib yuboradi va uchta o‘yindan chetlashtiriladi. Bu ish ko‘rib chiqilayotgan bir paytda, u Fransiya Futbol Assotsiyatsiyasining a’zolarini o‘taketgan ahmoqqa chiqardi va bu uchun yana ikki oy muddat oladi.

Holat shu darajaga yetdiki, yosh futbolchi hatto psixoterapevt ko‘rigiga borishga majbur bo‘ldi. «Men o‘zimni qafasdagi qushdek his qilar edim. Futbolda hamma menga qarshi edi», – degan edi u. Erik futboldan nafratlana boshladi va 1991 yilning dekabr oyida karerasini yakunlayotganligini e’lon qildi. O‘yinchini bu fikridan qaytarish uchun Mishel Platini bel bog‘ladi: 1988 yilda u Fransiya terma jamoasiga boshchilik qilishni boshladi va 1990 yildagi jahon chempionatiga tayyorgarlik chog‘ida Erik bilan yaxshi chiqishib ketdi. Platinining kelishuvlari zoya ketmadi: karerasini o‘z nihoyasiga yetkazish o‘rniga u hech qachon Fransiya uchun o‘ynamaslikka qasam ichdi.

Kantona Manchesterda hammani xayratga soldi: u shampan vinosi ichardi, art-haus kinoteatrlarida soatlab vaqtini o‘tkazardi.

Kantona o‘z karerasini Angliyada qaytadan boshladi: 1991 yilda u «Lids» jamoasiga o‘tdi. Ko‘chib o‘tish Erikka yaxshi ta’sir o‘tkazdi: u chempionga bo‘ldi, keyin esa «MYu»ga o‘tib, yulduzga aylandi. Eng muhimi, angliyalik muxlislar uni yaxshi qabul qilishar, unda faqatgina asabiy yigitni emas, balki o‘z fe’l-atvoriga ega to‘laqonli shaxsni ko‘rishar edi.

Tashqi jihatdan qo‘pol, aslida esa yuqori intellekt sohibi bo‘lgan fransuz APLning ilk kunlaridanoq boshqalardan ajrab tura oldi. O‘yinlardan so‘ng «iblislar» doim qovoqxonada yig‘ilishar va o‘zlari uchun nima buyurtma qilishdan qat’iy nazar, Erik uchun shampan vinosidan aytishar edi. U qimmatbaho buyumlarga qiziqish bildirmas va oddiy ingliz uyida yashar edi: «Ko‘p xonalari bor katta uy sotib oladigan insonlar barchaga naqadar boy ekanligini ko‘rsatishni istaydi. Ammo u ichki olami naqadar kambag‘al ekanligini bilmaydi». U «MYu»ning rasmiy uchrashuvlariga dress-kodga umuman ahamiyat bermasdan, oddiy halat va shippaklarda kelar edi.

1995 yildagi chetlashtiruvdan so‘ng (Erik uni yerga urgan muxlisni kung-fu usulidagi zarbasi bilan yiqitgan edi) Manchester kinoteatrlaridan chiqmay qo‘ydi. Shuningdek, u puflab chalinadigan musiqa asboblarini chalishni boshladi: «O‘z fikrimni bir narsada jamlamoqchi edim. Futbolsiz to‘qqiz oy aqldan ozmadim, chunki har doim shug‘ullanish uchun biror narsa topaman».

Albatta, u o‘zining eng sevimli mashg‘uloti – rassomchilikni tashlab qo‘ymadi. Andrey Kanchelskis Kontanani rassomchilikka bo‘lgan ishtiyoqini shunday izohlagan edi: «O‘sha paytlarda, biz bilan o‘ynashidan oldin, u Lidsda istiqomat qilardi va Manchesterga 50-60 mil uzoqlikdagi mashg‘ulotlarga qatnab turardi. Biroq ba’zida Lids va Manchester o‘rtasidagi yotoqxonada rasm chizish uchun to‘xtardi».

Grafigida bo‘sh vaqt bo‘lmasligiga qaramay, Kantona Angliyada o‘zini teatr va kinoda sinab ko‘rdi. 1995 yilda Erik «Yaylovlardagi muhabbat» komediyasida qahramonlardan birining oshig‘i rolini o‘ynaydi. Film davomida u bir necha bor kadrlarda ko‘rindi, biroq yangi tajriba unga shu qadar yoqib tushdiki, u aktyorlik kurslariga yozildi.

Teatrdagi faoliyatini Kantona prodyuser sifatida boshladi. Akasi Joel bilan Edvard Oblining «Kim Virjinni Vulfdan qo‘rqadi?» pesasini sahnalashtirish huquqini sotib oldi. Spektakl Parijda qo‘yilishi kerak edi, shu sababli Kantona futbol uchrashuvlari orasidagi tanaffuslardan foydalanardi (1995 yilda Erik «kung-fu zarbasi» sababli o‘ynay olmadi, jazo vaqti tugagach, yangi bosh murabbiy Eme Jake uni o‘yinlarda ishtirok etish uchun chaqirmadi).

1996 yilning noyabrida de la Gaîté teatrida pessa namoyishlari boshlandi. Asosiy rolni fransuz teatrining bo‘lajak yulduzi Nils Arestap ijro etdi. Mazkur pessa nafaqat tanqidchilarning yaxshi fikrlarini, balki yaxshigina daromad ham keltirdi, shu sababli Erik yana bir sahna namoyishiga prodyuserlik qilishni istadi. Kantona o‘zining do‘sti – dramaturg Jan-Lui Burdonning «Adrlar ortida» asarini tanladi.

Manba: www.sports.uz

Oxirgi fikrlar

  [off]
29.08

Admin aka cantana hozi nima iwqiladi

  [off]
29.08

Myu hujumida xudi mana wunday giladiyatr kerak

  [off]
29.08

Гап йук битта UFC колибдида
Umumiy: 3

© 2023 Uzbek Reds
Контакты